Yurtimizda olib borilayotgan ulkan islohotlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentyabrdagi PQ-279 son Qarori asosida Olmaliq davlat texnika instituti tashkil etildi. Ushbu qarorning asosiy maqsadi – Toshkent viloyati iqtisodiyot tarmoq va sohalarida, jumladan, muhandislik, metallurgiya, ishlab chiqarish, konchilik sohalarida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash etib belgilangan.
Keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlari boshlangan ODTI bugungi kunda rivojlanish Konsepsiyasi asosida jadal sur’atlarda faoliyat yuritmoqda. Asosiy maqsad tog‘-kon metallurgiya sohasi uchun malakali mutaxassis kadrlarni tayyorlash, ta’lim sifatini jahon standartlariga tenglashtirish, ilmiy-innovatsion g‘oyalarni tijoratlashtirish, yetakchi oliy ta’lim muassasalari safidan o‘rin olishdan iboratdir.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi sa’y-harakatlari bilan izchil olib borilayotgan islohotlar oliy ta’lim tizimini yangi bosqichga ko‘tarmoqda. Aynan Olmaliq davlat texnika instituti mazkur islohotlar natijasida tashkil etildi. Tashkil etilganining dastlabki kunlaridanoq institut rivojlanish Konsepsiyasini ishlab chiqdi. Konsepsiyani amalga oshirish O‘zbekiston va Markaziy Osiyo iqtisodiyotini muhandislik, metallurgiya va tog‘-kon sohalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlovchi zamonaviy ilmiy-ta’lim markazini yaratish imkonini berish bilan birga mamlakat sanoat kompleksining barqaror texnologik rivojlanish vazifasini hal qiladi.
Olmaliq davlat texnika instituti 6 mingga yaqin talabaga ega, 11 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 47,3% ilmiy salohiyatga ega oliy ta’lim muassassasidir. 165 nafar professor-o‘qituvchilardan 78 nafari ilmiy darajaga ega. Konseepsiyada belgilangan barcha vazifalarni amalga oshirishga institut har tomonlama salohiyatga ega ta’lim tashkilotidir.
Olmaliq davlat texnika instituti tashkil etilganligi hamda 1-bosqich talabalarining tantanali qasamyod qabul qilishi munosabati bilan 2025-yil 25-noyabr kuni “Men Yangi O‘zbekiston talabasiman” mavzusida tadbir o‘tkazildi. Tadbirda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, mehmonlar, ota-onalar hamda talabalar ishtirok etdilar. Tadbirda institut rektori v.v.b., texnika fanlari doktori U.Xalikulov talaba yoshlarga sifatli ta’lim, ilmiy-amaliy faoliyat va innovatsion g‘oyalarni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilayotgani hamda institut rivojlanish Konsepsiyasining asosiy mazmuni haqida so‘zlab, talabalarga muvaffaqiyat tiladi. Talabalar institut bayrog‘i ostida Vatanga sadoqat, bilim olishda mas’uliyat va jamoat manfaatlariga xizmat qilish haqida tantanali qasamyod qabul qiladilar. Tadbir doirasida ijodiy jamoalar ishtirokida madaniy dastur namoyish etiladi, faol talabalar tomonidan ijodiy chiqishlar taqdim etiladi. Iqtidorli talabalar institut rahbariyati tomonidan munosib taqdirlanadilar.Marosimning asosiy maqsadi – yoshlarda vatanparvarlik, mas’uliyat, ilmga hurmat va fidoyilik hissini mustahkamlashdir.
Ushbu tadbir ODTIda talaba yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasi, intellektual rivoji va faolligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim an’anaviy jarayonlardan biri hisoblanadi.
Loading...

