Joriy oy davomida mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Yong‘in xavfsizligi oyligi” munosabati bilan institutimizda profilaktik tadbir tashkil etildi. Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Olmaliq shahar bo‘limi mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Dastlab yong‘in xavfsizligiga oid umumiy qoidalar, yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘ladigan omillar hamda ularning oldini olish choralariga oid ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, yong‘in sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakatlanish, birinchi yordam ko‘rsatish va o‘t o‘chiruvchi vositalardan foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Tadbir davomida talabalar yong‘in o‘chirish moslamalaridan foydalanish bo‘yicha o‘z ko‘nikmalarini sinab ko‘rdilar. Mutaxassislar tomonidan xavfsizlik texnikasi qoidalariga qat’iy rioya qilishning ahamiyati yana bir bor ta’kidlab o‘tildi.
Institutda o‘tkazilgan ushbu tadbir yong‘in xavfsizligi madaniyatini oshirish, talabalar va xodimlar o‘rtasida ogohlikni kuchaytirish, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Loading...

